Bolalar kontentini rivojlantirish markazi


20mlrd soʻm
2025-yilda Markazga ajratilgan mablagʻ
4000m²
IT park binosidan tekin foydalanishga
8
asosiy vazifa
2030
yilgacha soliq imtiyozlari
Qarorda Markazning oʻrni
Markaz bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi etib belgilangan.
Markaz vakillari ishtirokida ekspertlar kengashi tuziladi. Ekspertlar kengashi Markaz buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kontentlarning gʻoyasi, mazmun-mohiyati va badiiy saviyasini koʻrib chiqadi, loyiha va ssenariylarni saralab, ishlab chiqarishga tavsiya etadi.
Markaz ekspertlar kengashi xulosalariga muvofiq ijodiy tanlovda gʻolib chiqqan ishlab chiqaruvchilarga bolalar uchun kontent yaratish boʻyicha buyurtma beradi.
2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar daromadining kamida 80 foizini bolalar kontentidan oladigan yuridik shaxslar va Markaz foyda soligʻidan ozod qilinadi hamda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida toʻlaydi.
Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi IT park hududidagi binoning kamida 4000 kv. metr qismi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Markazga tekin foydalanish huquqi asosida ajratilgan.
Markazning asosiy vazifalari
Bolalar uchun moʻljallangan tarbiyaviy, maʼrifiy ahamiyatga ega milliy kontentlar va targʻibot vositalari yaratishni qoʻllab-quvvatlash.
Xorijiy kontentlarning bolalar ongi va dunyoqarashiga taʼsirini tahlil qilish orqali ularning eng sara va foydali namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish hamda ommaviy namoyishga tavsiya etish.
Respublika hududida bolalar uchun moʻljallangan zararli axborotlar tarqalishining oldini olishga hamda bolalar va ota-onalarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan materiallar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar orasida bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlarni ommalashtirish boʻyicha chet ellardagi madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish.
Bolalar uchun foydali hisoblangan kontentlarni tavsiya qiluvchi ijtimoiy tarmoq sahifalari va sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish.
Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlarni yaratishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma loyihalar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish.
Bolalarga milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot, tarix va maʼnaviy qadriyatlar haqida tushunchalar berishga, ularda ekologik madaniyatni shakllantirish hamda sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasini rivojlantirishga moʻljallangan milliy kontentlar yaratishga oid loyihalarni joriy qilish.
Bolalarning oʻzbek tilida ravon soʻzlash va imloviy xatolarsiz yozish koʻnikmasini rivojlantirishga moʻljallangan interaktiv dasturlar yaratish.
PQ-183
«Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»



